09.11.2024
Muhtaram prezidentimiz tomonidan soliq organlari xodimlari oldiga qo’yilgan vazifalardan kelib chiqib, soliq tizimini mahalla darajasiga tushirish orqali yangi institut “Mahalla yettiligi” tashkil qilinishini ta’kidlagandilar. Joriy yilning 1 yanvaridan boshlab, mahalla byudjetini shakllantirish hamda ularda shakllanadigan mablag’larni “mahalla yettiligi”ning kengash qarorlari orqali infratuzilmani yaxshilashga yo’naltirish belgilandi.
Ayni paytda Tuproqqal’a tumanidagi 18 ta mahallaga 8 nafar soliq xizmati xodimlari biriktirilgan bo’lib, ular zimmasiga norasmiy tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish, o’zini-o’zi band qilganlarga kichik biznes toifasiga o’tishga ko’maklashish hamda tadbirkorlarni qo’llab-quvvatlash orqali ularning faoliyatini kengaytirish va daromadlarini oshirish hisobiga soliq bazasini ko’paytirish yuklatilgan.
“Mahalla yettiligi” institutining shakllanishi orqali soliq inspektorlari mahalladagi har bir soliq to’lovchi xonadoniga kirib bormoqda, tadbirkorlik subyekti bilan uchrashib, uning muammosini o’rganyapti, soliq sohasidagi o’zgarishlarni tushuntirish orqali yashirin iqtisodiyotning oldi olinmoqda.
Tuproqqal’a tumani soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan tadbirkorlik subyektlari bilan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida o’tgan o’n oy davomida 102 ta korxonadagi 680 nafar norasmiy ishlovchi fuqarolar faoliyati qonuniylashtirilib, ularning ijtimoiy himoyasi ta’minlandi.
Agar sohalar kesimida ko’rib chiqadigan bo’lsak, 31 ta savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarida 110 nafar, 29 ta ishlab chiqarish korxonalarida 309 nafar hamda 19 ta qishloq xo’jaligi sohasida 71 nafar, shuningdek, 30 ta xizmat ko’rsatish korxonalarida 190 nafar fuqarolarning faoliyati rasmiylashtirildi.
Ayniqsa, turli sabablar bilan faoliyati vaqtincha to’xtab qolgan tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo’llab-quvvatlash, ularning faoliyatini tiklash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ana shunday moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan 76 ta korxonaning faoliyati tiklandi, 16 ta bo’sh obyektlar ishga tushirildi, natijada 29 nafar ishchi o’rni yaratildi.
Bugungi kunda qo’lida hunari bor yoki uyda yakka tartibda ma’lum faoliyat bilan shug’ullanib kelayotgan fuqarolarimiz talaygina. Ularning o’zini o’zi band qilishi, ish stajiga ega bo’lishi uchun soliq xizmati organlari tomonidan doimiy ko’mak ko’rsatib kelinmoqda. Jumladan, mahalla yettiligi bilan birgalikda yashirin iqtisodiyotni jilovlash maqsadida tumanda 3193 nafar fuqarolar o’zini o’zi band qilish tizimi orqali ro’yxatdan o’tkazildi va muayyan faoliyat turlari bilan muntazam ravishda shug’ullanib kelayotgani aniqlandi.
Mahallabay tizimning yaratilishi natijasida 506 mln so’m miqdoridaga qo’shimcha manba aniqlandi.
Joriy yilning o’tgan o’n oyi davomida 4 mlrd 961 mln so’m miqdoridagi jismoniy shaxslarning turar joy obyektlari bo’yicha soliqlar undirilishi ta’minlandi. Natijada yig’ilgan summaning 10 foizi ya’ni 496 mln so’m miqdoridagi mablag’lar mahalla byudjetiga qoldirildi.
Ta’kidlash lozim, mahallalarga biriktirilgan soliq xodimlarining faoliyati samaradorligi maxsus KPI (KPI) dasturi orqali baholanadi va natijasiga qarab rag’batlantiriladi hamda past ko’rsatkichli xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari ko’riladi.
Biz soliq xizmati organlari xodimlari sizlarning muammolaringiz qonuniy hal etish, faoliyatingiz davomida yuzaga kelgan barcha tushunmovchiliklarga yechim topishda doimiy ko’mak berishga tayyormiz.