
12.01.2024

Bugun Tuproqqal'a tumanida mahallani qo'llab-quvvatlash bo'yicha tuman kengashining tashkiliy yig'ilishi bo'lib o'tdi. Yig'ilishni tuman hokimi, kengash raisi Akmal Jimalyazov olib bordi.

Yig'ilish kun tartibida quyidagi masalalar ko'rib chiqildi:
1. PF-209-son Farmon va PQ-402-son Qarorlarda belgilab berilgan ustuvor vazifalar;
2. Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashi yig'ilishida mahalla tizimi faollari zimmasiga yuklatilgan vazifalar;
3. Mahallani qo'llab-quvvatlash bo'yicha Xorazm viloyati kengashiga delegatlarni saylash;

Joriy yil 26-sentyabrda mahallabay ishlash tizimini yanada kuchaytirish, mahalla “yettiligi” faoliyatini yo’lga qo’yish bo’yicha o’tkazgan yig’ilishda hurmatli Prezidentimiz tomonidan muhim vazifalar belgilab berilgan edi.
Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida mahalla boshqaruv tizimini takomillashtirish va mahalla “yettiligi” faoliyatini yo’lga qo’yish bo’yicha Davlatimiz Rahbari tomonidan 2023-yil 21-dekabrda Farmon va qaror imzolandi.
Ushbu Farmon va Qarorda quyidagi masalalarga yechimlar o’z o’rnini topgan:
Birinchidan, sohada alohida maxsus organ bo’lmaganligi mahallalarni rivojlantirishga bo’lgan e’tiborni susaytirayotgan, mahallalar faoliyati ustidan nazorat va monitoring davlat organi zimmasiga yuklatilganligi ularning o’zini o’zi boshqarish organlari maqomiga zid bo’lib qolgan edi.
Ushbu masalaning yechimi sifatida nodavlat notijorat tashkilot sifatida O’zbekiston mahallalari uyushmasi hamda uning viloyat va tumanlardagi bo’linmalari tashkil etildi.
Uyushmaga Kambag’allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondining jami 982 ta shtati o’tkazildi.
Bunda respublika boshqaruvida – 43 ta, viloyat boshqarmalarida – 8-12 ta (aholi va mahallalar sonidan kelib chiqib) va tuman (shahar) bo’limlarida
– 3-6 nafar shtat birligida boshqaruv xodimlari faoliyat ko’rsatadi.
Uyushma raisi maqomi va boshqa sharoitlar bo’yicha Bosh vazir o’rinbosariga, viloyat va tumanlar bo’linmalari boshliqlari tegishincha hokim o’rinbosarlariga tenglashtirildi.
Uyushma faoliyati Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatini qo’llab-quvvatlash fondidan ajratiladigan subsidiya orqali moliyalashtiriladi.
2024 yil uchun mo’ljallangan davlat byudjeti qonunida ushbu maqsadga 847 mlrd so’m ajratilishi nazarda tutilgan.
Ikkinchidan, Uyushmaning 9 ta asosiy vazifalari belgilab berildi. Bular:
– mahallaning xalq bilan davlat o’rtasidagi “ko’prik” vazifasini amalga oshiruvchi xalqchil tuzilmaga aylanishini ta’minlash;
– har bir fuqaro o’zi va oilasining kelajagi, moliyaviy ahvoli va farovonligini ta’minlashda mas’uliyatni sezishi, boqimandalikka o’rganmaslik hissini yanada kuchaytirish ishlarini amalga oshirish;
– fuqarolarning o’z uyi va ko’chasini ozoda saqlash, milliy qadriyat va urf-odatlarni hurmat qilish, aholi o’rtasida o’zaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash choralarini ko’rish va boshqalar.
Uchinchidan, Mahallani qo’llab-quvvatlash respublika kengashi, Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tumanlar (shahar) kengashlari tashkil etildi.
Bunda Respublika kengashiga Bosh vazir, hududiy va tuman (shahar) kengashlariga tegishlicha Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisi va hokimlar raislik qiladi.
Kengash tarkibiga “mahalla yettiligi”ga kiruvchi tashkilotlar rahbarlari kiritildi.
Prezidentning tashkiliy-kadrlar masalalari bo’yicha maslahatchisi Respublika kengashi raisining birinchi o’rinbosari etib belgilandi.
Kengashlar jamoatchilik asosida faoliyat ko’rsatadi. Bunda Respublika kengashi – har 6 oyda, viloyat kengashlari – har 3 oyda, tuman kengashlari – har oyda kamida 1 marotaba Uyushma va boshqa davlat tashkilotlari faoliyatini baholash va muammolarni hal qilish yuzasidan yig’iladi.
To’rtinchidan, mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoliga 100 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar bilan vazifalar yuklatilgan edi.
Bundan tashqari, ular jamoa sifatida shakllanmagan, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va profilaktika inspektori mahalla raisiga bo’ysunmas edi.
Moliyaviy va ma’muriy resurslar mavjud emas. Yordam va subsidiyalar tayinlashda rais bilan maslahatlashilmas edi.
Bir so’z bilan aytganda, mahalla raisining nufuzi pasayib ketgan edi.
Hurmatli Prezidentimiz Farmoni bilan aniq vazifalar belgilab berildi.
Jumladan, mahalla raislari bundan buyon quyidagi 5 ta asosiy vazifa ijrosiga mas’ul hisoblanadi:
1. Mahalla obodligini ta’minlash, “Obod mahalla”, “Obod ko’cha”, “Obod xonadon” mezonlarini joriy etishda aholining faol ishtiroki va mas’uliyatini oshirish choralarini ko’radi, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt va buta ko’chatlari ekish bo’yicha targ’ibot ishlarini amalga oshiradi.
Bunda har oyda kamida bir marotaba mahalladagi barcha ko’chalarda ommaviy hashar uyushtiradi, kamida 2 ta ehtiyojmand oilalarning ta’mirtalab xonadonida qo’ni-qo’shnilarni jalb etgan holda, hashar tashkil etadi.
2. Milliy qadriyatlar, urf-odatlar va an’analarni targ’ib qiladi, sog’lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni saqlash choralarini ko’radi, to’y-marosimlarni isrofgarchiliklarsiz ixcham o’tkazilishini ta’minlaydi.
Bunda har chorakda bir marotaba diniy ulamolar, madaniyat xodimlari, yozuvchi va shoirlarni aholi bilan milliy qadriyatlar va urf-odatlarni saqlash, to’y-marosimlarni ixcham o’tkazish bo’yicha uchrashuvlar tashkil etadi.
3. Mahallaga biriktirilgan davlat organlari vakillarini aholi muammolarini hal etishga safarbar etish va muammolarga yechim topishini ta’minlaydi.
Bu borada mahalla kengashida har oyda kamida 5 ta mahallaga biriktirilgan davlat organlari vakillarini mahallada amalga oshirgan ishlari yuzasidan axborotini eshitib, muammolarni hal etishda ko’maklashadi.
4. Hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika va soliq inspektorlari, ijtimoiy xodimga umumiy rahbarlik qiladi, mahallani har tomonlama rivojlantirishda ular imkoniyatlaridan samarali foydalanish choralarini ko’radi.
Bunda har haftada hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika va soliq inspektorlari, ijtimoiy xodimlarning hisobotini eshitadi va ularni har biri har oyda kamida 10 tadan muammoli masalalarni hal etishini nazoratga oladi.
5. Mahalla hududida qonunchilik hujjatlari ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini o’rnatadi, shu jumladan, ta’lim, tibbiy xizmat, sport, savdo va xizmat ko’rsatish qoidalariga rioya etilishini nazorat qiladi.
Bu borada har haftada bir marotaba mahalla hududidagi ta’lim tashkilotida o’quvchilarning davomatini, oilaviy poliklinikalarda (QVPlarda) aholiga ko’rsatilayotgan tibbiy xizmat va patronaj hamshiralarning oilalarga tashrifi, sport tashkilotlarining aholi uchun ochiqligi, savdo va xizmat ko’rsatish obyektlari atrofining tozaligi hamda daraxtlarni parvarishlash holatini o’rganadi.
Shuningdek, boshqa xodimlarning ham vazifalari Farmonda aniq belgilab berilgan. Mahalla raislari ularning ham vazifalarini bilishlari kerak (kelgusidan ulardan talab qilish va ijrosini nazorat qilish uchun).
Bundan tashqari, “Mahalla balansi” yagona platformasi yaratiladi. Bundan buyon, davlat organlari faqat yagona platformada yuritiladigan hisobotlarni so’raydi, boshqa hisobotlarni so’rash taqiqlanadi.
Beshinchidan, Bugungi kunga qadar hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli yordam ajratish bo’yicha qarorlar qabul qilishda mahalla raisidan mustaqil edi.
Shuningdek, yordam ajratishda yuqori turuvchi tashkilotlarning qaror qabul qilishi bilan bog’liq byurokratik jarayonlar mavjud.
Farmon bilan buning yechimi sifatida quyidagilar belgilandi:
1. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori mahalla “yettiligi”ni tashkil qiladi.
Xuddi shunday, vertikal tizim ham yaratildi.
Jumladan, mahallalarni qo’llab-quvvatlash bo’yicha Respublika, hududiy va tuman (shahar) kengashlari tarkibiga “mahalla yettiligi”ga kiruvchi tashkilotlar rahbarlari kiritildi.
Uyushma va uning hududiy bo’linmalari kengashlarning ijro organi sifatida faoliyat ko’rsatadi.
2. “Mahalla “yettiligi”ning faoliyati asosiy samaradorlik ko’rsatkichlari (KPI) bo’yicha alohida baholanadi. Bunda ko’rsatkichlar ularning ish beruvchilari tomonidan Uyushma bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Bunda raislarning roli kuchaytirildi, barcha a’zolarning KPI baholashning 20 foizi mahalla raislari tomonidan amalga oshiriladi.
Xodimlarning ishga kelib ketishi to’g’risidagi davomatni (tabelni) mahalla raisi tomonidan yuritish tartibi joriy etiladi.
3. 2024 yil 1 martdan boshlab “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” hamda Bandlikka ko’maklashish davlat jamg’armasi, aholini tadbirkorlikka jalb qilish va hunarmandchilik va kasanachilikni qo’llab-quvvatlash jamg’armalari orqali ko’rsatiladigan jami 67 turdagi yordamlar va subsidiyalar “mahalla “yettiligi”ning kollegial qarori asosida amalga oshiriladi.
Buning natijasida, moddiy yordam tayinlashning 5 bosqichli tartibi
3 bosqichga tushiriladi. Mahalla “yettiligi” o’zi mustaqil qaror qabul qiladi hamda ushbu qarorlar uchun aholi oldida javobgar bo’ladi.
Oltinchidan, Shu paytga qadar mahallaning soliqlarni yig’ishdagi roli va manfaatdorligi, soliqlarni mahallaning infratuzilma muammolarini yechishga qaratish bo’yicha moslashuvchan tizim mavjud emas edi.
Ushbu muammoning yechimi sifatida Farmonda 1 yanvardan boshlab mahalla byudjetini shakllantirish hamda ularda shakllanadigan mablag’larni mahalla “yettiligi”ning kollegial qarorlari orqali infratuzilmani yaxshilashga yo’naltirish belgilandi.
Bunda har bir mahalladagi Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg’armasining manbalari sifatida mol-mulk va yer solig’ining 10 foizi hamda bo’sh turgan ko’chmas mulkni sotish va binolar ijarasidan tushumlar etib belgilandi. Natijada, mahallalarda yiliga qo’shimcha 500 mlrd so’m mablag’lar shakllanadi.
Mahalla “yettiligi” faqat qarorlar chiqaradi, buxgalteriya hisoboti Uyushmaning hududiy bo’linmalari tomonidan yuritiladi.
Yettinchidan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” platformalari “Mahalla balansi” yagona platformasiga integrasiya qilinadi.
Bu esa mahalla aholisini to’liq ushbu platformaga kiritish, yordam olayotgan shaxslar to’g’risidagi ma’lumotni ochiqlash va mahalla “yettiligi” faoliyatiga baho berish imkonini yaratadi.
Bundan tashqari. “Temir daftar”ni yuritish vazifasi “Inson” ijtimoiy xizmat markaziga o’tkaziladi. Bunda, “Saxovat va ko’mak” jamg’armasidan yordamlar individual dasturga asosan fuqarolarning og’ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish va shunday vaziyatga tushganlarni og’ir vaziyatdan chiqarishga yo’naltiriladi.
Sakkizinchidan, bugungi kunda 18 ta mahallaning 3 tasi o’z binosiga ega emas. Bundan tashqari, mahalla binosi bo’yicha kommunal to’lovlar, kanselyariya mollari va boshqa xarajatlar uchun mablag’lar ajratilmasligi bilan bog’liq muammolar ham mavjud edi.
Ushbu masalalarning yechimi sifatida Farmonda “mahalla yettiligi” uchun qulay va ixcham binolarni o’zida mujassam qiluvchi mahalla idoralarining namunaviy binosi loyihasini ishlab chiqish hamda mahalliy byudjetlarning qo’shimcha manbalari, davlat-xususiy sheriklik va boshqa manbalar hisobidan o’z binosiga ega bo’lmagan mahallalarda binolarni uch yil muddatda qurib topshirish belgilandi.
Shuningdek, mahallalar faoliyatini joriy ta’minlash (mahalla raisining ish haqi, kommunal to’lovlar, kanselyariya mollari kabilar), moddiy-texnik bazasini mustahkamlash respublika byudjeti hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo’yildi.
Yana muhim yangilik – Investisiya dasturlarini shakllantirishda mahalla “yettiligi” tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olish amaliyoti yo’lga qo’yiladi.
Shuningdek, Qarorda “Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari to’g’risida”gi hamda “Fuqarolar yig’ini raisi (oqsoqoli) saylovi to’g’risida”gi qonunlarning yangi tahrirdagi loyihalarini ishlab chiqish belgilandi.
Ushbu qonunlarga mahalla raisi saylovini aholi tomonidan umumiy, teng, to’g’ridan-to’g’ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali o’tkazish, vakolat muddatini 3 yildan 5 yil muddatga uzaytirish kabi muhim qoidalarni kiritish zarurligi belgilab berildi.
Bundan tashqari, qonunlarga mahalla “yettiligi” tarkibiga lavozimlarga tayinlashda ushbu mahallada yashovchi nomzodlarga ustuvorlik berish, mahalla raisining so’roviga javob bermaslik yoki taqdimnomasida qo’yilgan masalani ko’rib chiqmaslik uchun javobgarlik kiritish, mahalla raislari o’z faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo’l qo’yganda, xalq deputatlari tuman (shahar) mahalliy Kengashlari tomonidan ularga nisbatan ishonchsizlik bildirish kabilarni kiritish belgilandi.
Shuningdek, Davlatimiz Rahbarining 2023 yil 21 dekabrdagi PQ-401-sonli Qarori bilan joriy yil 1 yanvardan boshlab xotin-qizlarning haq to’lanadigan jamoat ishlari asosida o’n bir oygacha muddatga mahallada ish yurituvchi bo’lib ishlashlariga ruxsat berildi.