09.03.2022
Yangilanayotgan Tuproqqal’a yutuqlari
Yangi O‘zbekiston, bugungi kunda yangicha qiyofa, yangicha davrni o‘zida aks ettirib, dunyo hamjamiyatida yuqori pog‘onalarga ko‘tarilib bormoqda. Albatta, mashaqqatli mehnat bor joyda “natija” namoyon bo‘ladi. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning odil siyosati, jonkuyar fazilati, tinib-tinchimas harakatlari respublikamizni yanada jadal rivojlantirishga hissasini qo‘shmoqda. Shu xalq fuqarolarining tinch va osuda, to‘kin-sochinlik va yuksak madaniyat bilan turmush kechirishi uchun yurtboshimiz ko‘plab shartnoma loyihalarni amalga oshirmoqdalar. Bu loyihalarning ijrosini ta’minlashga esa biz kabi yutboshimiz ishonch bildirgan xalq vakillari mas’ulmiz. Biz o‘z vazifalarimizni sidqidildan bajarmog‘imiz uchun barcha sharoitlar yetarlichadir. Bizning Tuproqqal’a tumanimizda ham yangilanishlar bisyor. “Erkin iqtisodiy zona” deb atalgan tumanimizning jabhasida katta yangiliklar kuzatilmoqda. O‘tgan qisqa yillar davomida tumanimizda ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Yaqindagina, Hazorasp tumanidagi Pitnak shahri, falonchi qishlog‘i deb yuritilar edi. Yurtboshimizning Tuproqqal’aga tashriflari va e’tiborlari sabab yangi jajjigina tuman tashkil qilindi. Bundan ilhomlangan barcha tuman aholisi, xalq vakillari yanada shijoat bilan olg‘a intilib, yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanmoqdalar. Bugungi kungacha faoliyat olib borayotgan “Uz Auto Motors” avtomobil zavodi Pitnak filiali yanada kengayib, yangi tarmoqlarini yo‘lga qo‘ymoqda. “New best style” gul qog‘oz ishlab chiqarish zavodi , “Develop” tikuvchilik korxonalari nafaqat tumanimiz, boshqa tuman aholi vakillarini ham ish bilan ta’minlab, xalqimizning oila budjetiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Bundan tashqari tumanimizda olib borilayotgan ishlar ham ma’lum muddatga bo‘lsada qanchadan qancha insonlarning moliyaviy holatini yaxshilashi qatorida tumanimiz ko‘rkini ochib, yanada chiroy bag‘ishlamoqda. Jumladan Sarimoy qishlog‘ida yangi qurilgan qishloq vrachlik punkti ham o‘zining yangicha uslubdagi dizayni bilan qad ko‘targani, zamonaviy jihozlari bilan ta’minlangani, mutaxassis shifokorlar, tibbiy hodimlari bilan xalqimizning og‘irini yengil qilish, asosiysi uzog‘ini yaqin qilishi e’tiborga molik. Bugungacha 50 km uzoqlikdagi kasalxonaga qatnashga qiynaladigan aholi o‘z qishloqlarida salomatliklarini nazorat qila olishadi. “Sarimoy Turkman gilamlari” ishlab chiqarish koorparatsiyasining ishga tushishi ham, xalqimizning milliy an’analari yosh avlodga o‘rgatish barobarida, mahsulotimizni katta bozorlarga olib chiqish, yaxshigina daromad olish manbai bo‘ldi desak, yanglishmaymiz. Pitnak shahridagi bunyodkorlik ishlari ham belgilangan muddatda amalga oshirilib, zamonaviy ko‘rinishda barcha qulayliklari bilan foydalanuvchilarga topshirilmoqda. Jumladan tuman prokratura hodimlari uchun yangi bino foydalanishga topshirilgani ishchi hodimlar qolaversa murojaatchilar uchun ham juda qulay bo‘ldi. Shu kabi yangicha dizayn, zamonaviy jihozlar, kompyuterlar, internet tizimi kuzatuv kameralariga ega shu kabi yangi qurilgan – Moliya, Kadastr, Aholi bandligiga ko‘maklashish binolarining ishga tushishi barcha uchun birdek quvonarli bo‘ldi. Tumanimizda qishloq sanoati ham yaxshi rivojlangani bois bu borada ham o‘zgarishlar talaygina. Paxtakorlarimiz uchun yangidan ishga tushgan Paxta tozalash zavodi, fermer va dehqonlarning mashaqqatli mehnatining zarrasini ham uvol qilmasdan qabul qilish, tozalash, kerakli amallarni bajarish uchun ancha qulaylik yaratdi. Issiqxona vakillari esa pomidor, bodring yetishtirish bilan bir qatorda qulupnay yetishtirishni ham yo‘lga qo‘yib, ish o‘rinlar yaratib, yaxshigina daromad topmoqda. G‘alla, poliz ekinlarini yetishtirish ham tumanimiz aholisinig asosiy vazifalaridan. Parrandachilik vakillari ham qoramol egalari qatorida mo‘l-ko‘l bozorlarimizni tuxum va go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlab kelmoqda. Tumanimizning har sohasi va undagi o‘zgarishlarni bir-bir sanab adog‘iga yetolmaysiz. Ammo shunisi ma’lumki har bir soha bo‘lmasin bilim va malaka o‘z so‘zini aytadi. Bilim va malaka yetarli bo‘lmagan joyda o‘zgarish bo‘lmaydi. Raqamlashtirish davrida yashar ekanmiz, bugungi kunni talabchan, zukko va tirishqoq yoshlarni samoga parvoz qo‘ygudek imkonyatlaridan ko‘z quvnaydi. Bilimga chanqoq yoshlarni ko‘rib zavqing oshadi. 2021-yil qayta ta’mirlangan 6 ta ta’lim muassasalari binolari o‘quvchi cheksiz quvonchlariga sabab bo‘ldi. Tumanimizning o‘quvchi yoshlaridan o‘tgan bir yilning o‘zida Oliy o‘quv yurti talabaligiga muyassar bo‘lgan 195 nafar o‘quvchidan 63 nafari davlat granti 132 nafari to‘lov shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindi. Tumanimizdan 460 nafar talabalar turli bilim yurti imtihonlaridan a’lo darajada o‘tib, o‘qishni davom ettirmoqdalar. 2021-yilda Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan armrestling bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada tuman yoshlaridan 8 tasi faol qatnashib yuqori natijalarni egalladilar. So‘zimiz so‘ngida yangi tumanimizdagi go‘zal o‘zgarishlar, yutuq va yangiliklarni bilishni istasangiz tumanimizga xush kelibsiz deb qotlamiz.
Tuproqqal’a tuman hokimining Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar
samaradorligini oshirish,davlat tili to‘g‘risidagi
qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash
masalalari bo‘yicha maslahatchisi G.Sobirova