11.12.2022
Muhtaram vatandoshlar!
Hurmatli dehqon va fermerlar!
Avvalo, siz azizlarni, sizlarning timsolingizda butun soha vakillarini Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga eng ezgu va samimiy tilaklarimni bildirishga ijozat etgaysiz.
Mamlakatimizda 2017 yil 26 avgustda «O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni deb belgilash to‘g‘risida” qonun qabul qilinib har yili dekabr oyining ikkinchi yakshanba kuni «Xosil bayrami» sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Ushbu qutlug‘ ayyom bilan rizq-ro‘zimiz bunyodkorlari – mirishkor dehqon va fermerlar, zahmatkash chorvador va pillakorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan sohaning jonkuyar mexanizator va agronomlarga chuqur hurmat bildiraman.
Dunyodagi eng qadimiy va olijanob kasb egalari hisoblangan, el-yurt dasturxonini to‘kin va farovon etadigan g‘oyat muhim sohaning og‘ir yukini o‘z yelkasida ko‘tarib kelayotgan sizlar kabi minglab axolimizning fidoyi mehnati va jasorati har qanday yuksak eʼtirofga munosibdir.
Albatta, qishloq xo‘jaligi sohasida oson va yengil yilning o‘zi bo‘lmaydi. Tabiat injiqliklari, suv resurslarining cheklangani, turli hasharot va zararkunandalar bilan kurashish har bir dehqondan katta azmu shijoat, ulkan sabr va tajribani talab etadi. Xalqimiz sizlarning ana shunday ibratli fazilatlaringizni yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.
Bugungi kunda tumanimizda qoramolchilik yo‘nalishida 29 ta, parrandachilik bo‘yicha 6 ta, baliqchilik tarmog‘ida 49 ta hamda bog‘dorchilikda 43 ta fermer ho‘jaliklari faoliyat yuritib kelmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida tumanning 90 foiz fermer xo‘jaliklari ko‘p tarmoqli xo‘jaliklarga aylantirildi. Buning natijasida qariyb 4 ming 705 nafar aholi ish bilan taʼminlandi.
O‘tgan mavsumda tumanda 10.6 ming tonna g‘alla, 10.2 ming tonna paxta, 50 ming tonna meva-sabzavot, 1.1 ming tonna go‘sht hamda 13.2 ming tonna sut mahsulotlari yetishtirilgani avvalo sizlarning mashaqqatli va halol mehnatingiz samarasidir.
Muhtaram dehqon va fermerlar!
Fursatdan foydalanib, boy bilim va tajribasi, omilkorlik xislatlarini namoyon etib, ilm-fan yutuqlarini samarali qo‘llash hisobidan yuksak xirmon yaratgan barcha dehqon va fermerlarimizga o‘z nomimdan, shuningdek, tumanimiz aholisi nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.
Sizlarni yana bir bor Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan – mehnat va hosil bayrami bilan chin dildan tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, masʼuliyatli va sharafli mehnat faoliyatingizda ulkan zafarlar, xonadonlaringizga qut-baraka va xotirjamlik hamisha yor bo‘lishini tilayman.