31.12.2022
Assalomu alaykum hurmatli Tuproqqalʼa tumani aholisi!
Shu kunlarda har birimiz o‘z hayotimizda o‘chmas iz qoldirgan 2022 yil bilan xayrlashib, ezgu qadamlar bilan kirib kelayotgan 2023 yilni ko‘tarinki kayfiyat va yaxshi niyatlar bilan qarshi olmoqdamiz.
Fursatdan foydalanib, butun tumanimiz ahlini ushbu qutlug‘ ayyom - kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Ayniqsa, bugun bor kuch va imkoniyatlarimiz yurtimiz taraqqiyotiga safarbar etilgan bir paytda, amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va oqilona siyosat samaradorligi - xalqimiz turmush tarzini yangi bosqichga ko‘tarish, aholini ijtimoiy himoya qilish, keksalarimizni qadrlash, eng muhimi, tinchlik-totuvlik, mustaqillikni asrab-avaylash, ozod va obod Vatan barpo etish jabhalarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Shuni mamnuniyat bilan alohida taʼkidlash lozimki, ulkan yutuqlarga boy bo‘lgan yilda har bir soha bo‘yicha ulkan natijalarga erishilib, bunyodkorlik, aholi hayot darajasini yaxshilash va yurt farovonligi yo‘lida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi va davom qilmoqda.
Xalqimizning turmush darajasi yaxshilanib bormoqda. Tumanda joriy yilda ko‘plab ijtimoiy soha obyektlarining qad rostlashi, sanoatning jadal suratlar bilan kirib kelayotganligi, tadbirkorlik faoliyatining yana-da avj olayotganligi buning yorqin misolidir. Yil davomida tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlanishi, turli sohalarda investitson dasturlarning hayotga tadbiq etilishi natijasida tumanda sezilarli investitson muhit yaratildi.
Yangi yilda ham ulkan ezgu ishlarni birgalikda davom ettiramiz. Ko‘zda tutilgan ushbu ishlarning barcha-barchasi, hech shubhasizki, o‘zining mantiqiy yakuniga yetkaziladi, ko‘zlangan maqsadga erishiladi.
Aziz do‘stlar!
Fursatdan foydalanib, islohotlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelayotgan, barcha sinovlarni mardona yengib, o‘zining fidokorona mehnati bilan jonajon tumanimizning ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shayotgan mard va olijanob, bag‘rikeng xalqimizga yana bir bor taʼzim qilaman.
Qanchalik qiyin bo‘lmasin, tanlagan yo‘limizdan hech qachon ortga qaytmaymiz. Ko‘zlagan marralarimizga albatta yetamiz. Bu yo‘lda niyati ulug‘, qalbi pok, mehnatkash xalqimizga tayanamiz.
Bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilsak, ishonamanki, el-yurtimiz intilayotgan Yangi O‘zbekistonni bunyod bo‘lishida albatta barchamiz birlashamiz degan umiddaman.
Yana bir bor barchangizni kirib kelayotgan Yangi - 2023 yil bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.
Hurmatli Tuproqqalʼaliklar sizlarga mustahkam sog‘lik-salomatlik, oilaviy baxtu saodat, Vatanimiz ravnaqi yo‘lidagi masʼuliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Yangi yilda xonadoningizdan cheksiz quvonch, fayzu baraka, tinchlik-osoyishtalik arimasin!
Buyuk va muqaddas Vatan - jonajon O‘zbekistonimiz osmoni hamisha musaffo bo‘lsin!
Yangi yilingiz muborak bo‘lsin!