22.12.2021
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-33-sonli Farmoni tasdiqlangan.
Farmonga ko’ra, 2021-yil 10-dekabrdan boshlab bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash tartibi doirasida:
daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga Davlat budjetidan subsidiyalar to‘lashda kvartira maydonining eng ko‘p me’yorini belgilash amaliyoti bekor qilinganligi;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan har yili bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori va dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiya miqdori tasdiqlanganligi;
subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomani olgan shaxslar ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badalning uy-joy qiymatining kamida 5 foiziga teng bo‘lgan qismini o‘z mablag‘lari hisobidan shakllantirilishi;
Sotib olinadigan kvartira joylashuvi, qiymati va maydonidan qat’i nazar, dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar-qat’iy belgilangan 32 million so‘m miqdorida, foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar-birinchi besh yil davomida 10 foizlik punktdan oshgan qismiga to‘lanishi;
Dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar sotib olinayotgan kvartiraning narxi ipoteka kreditining eng ko‘p miqdoridan oshgan taqdirda ham to‘lanadi. Bunda, sotib olinadigan kvartiraning narxi ipoteka kreditining eng ko‘p miqdoridan oshgan taqdirda, qiymatning qolgan qismi qarz oluvchi tomonidan o‘z mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan dastlabki badal summasini oshirish orqali to‘lanishi;
Fuqarolarga ipoteka kreditini olishda, birgalikda qarz oluvchi sifatida ular bilan birga yashamayotgan va yaqin qarindoshi bo‘lmagan boshqa shaxslarni ham jalb qilish huquqi berilishi;
Moliya vazirligining resurslari tijorat banklariga to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ orqali joylashtirilishi;
Tijorat banklariga qarz oluvchi tomonidan to‘langan dastlabki badal miqdori, uning qarz yuki ko‘rsatkichi, imtiyozli davr muddati va boshqa ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, subsidiyasiz ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini o‘rnatish huquqi berilganliklari ta’kidlab o‘tilgan.
Shuningdek, shunday tartib belgilab qo‘yildiki:
- a) 2021-yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratishning maqsadli parametrlari doirasida:
subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomani olish bo‘yicha arizalar 2021-yil 20-dekabrgacha qabul qilinadi va 2021-yil 25-dekabrgacha ko‘rib chiqilishi;
subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomalar ular berilgan vaqtdan boshlab 12 oy davomida amal qilishi;
subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomani olgan shaxslarga ipoteka kreditlari va subsidiyalar 2021-yil 10-dekabrga qadar amalda bo‘lgan shartlar va miqdorlarda ajratilishi;
subsidiyalar sotib olinayotgan kvartiraning maydoni va narxi 2021-yil uchun o‘rnatilgan kvartira maydonining eng ko‘p me’yori va uy-joyning hisoblangan qiymatidan oshgan taqdirda ham to‘lanadi. Bunda, sotib olinadigan kvartiraning narxi uy-joyning hisoblangan qiymatidan oshib ketgan taqdirda, qiymatning qolgan qismi qarz oluvchi tomonidan o‘z mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan to‘lanishi;
- b) 2022-yil uchun ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratishning maqsadli parametrlari doirasida arizalar 2021-yil 25-dekabrdan boshlab qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan.