29.09.2021
"Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish tartibini belgilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan joriy yilning 23- avgustidagi 31- sonli qarori bilan "O‘zbekiston Respublikasida 2021- yilda sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olishda aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish tartibi to‘g‘risidagi Nizom" tasdiqlandi. Ushbu Nizom sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilishi belgilangan hududlarda, aholining ayrim toifalarini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazishni amalga oshirishning tartibi va mexanizmlarini belgilab beradi.
Nizomga asosan quyidagi fuqarolar aholining ayrim toifalari deb yuritiladi:
- O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari xodimlari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ularning o‘zi bilan birga bo‘lgan oila a’zolari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlardagi kvotalangan lavozimlarga yuborilganlar;
- muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga jalb etilgan harbiy xizmatchilar va ularning yopiq hududlarda yashayotgan oila a’zolari;
- zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlarida, qamoqda saqlash joylarida, tergov hibsxonasida, axloq tuzatish muassasalarida va maxsus muassasalarda yashayotgan (bo‘lgan)lar;
- bolalar internatlarida, tarbiya muassasalarida, «Bolalar shaharchalari»da, shu jumladan “SOS” O‘zbekiston bolalar mahallalari uyushmasi “, “Muruvvat” internat uylari, qariyalar pansionatlari, “Sahovat” internat uylari kabi ijtimoiy muassasalarda, diniy muassasalarda, shifoxonalarda va boshqa sog‘liqni saqlash tashkilotlarida yashayotgan (bo‘lgan yoki davolanayotgan) lar;
- uysiz (boshpanasiz) shaxslar;
Aholining ayrim toifalarini ro‘yxatga oluvchi tashkilotlar sifatida - O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, harbiy qismlar va ularning yopiq hududlari, yuqorida nomlari keltirilgan toifadagi fuqarolar yashayotgan yoki saqlanayotgan muaassasalar nazarda tutilgan.
Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, alohida toifadagi shaxslarni ro‘yxatga olish ishlarini samarali tashkil etish bo‘yicha mas’ul bo‘lgan tashkilot va muassasa vakillari uchun ro‘yxatga olish ishlarini olib borishga oid maxsus o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
Xorazm viloyati statistika boshqarmasi axborot xizmati