23.10.2020
Bilamizki,bugungi kunda mamlakatimiz miqyosida katta ijtimoiy-iqtisodiy jarayon - aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishga keng ko‘lamdagi tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.Mazkur tadbirning ko‘lamdorligi va ahamiyati uni o‘tkazishga doir me’yoriy-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi bilan ham anglanadi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5655-son Farmoni qabul qilindi. Farmonda alohida band sifatida O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqish vazifasining belgilanishi ortidan 2020 yil 16 martda mazkur Qonun qabul qilindi. Qonunda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy-huquqiy mezonlar qatorida tadbirning maqsadi ham belgilab berilgan. Xo‘sh, aholini ro‘yxatga olishning o‘zi nima, u bizga nima beradi,degan savol ko‘pchilikda tug‘ilishi tabiiy. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, aholini ro‘yxatga olinishi natijasida:
- Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan aholining yoshi, jinsi,tarkibi, millati, ma’lumoti, oilaviy sharoiti, daromadlari haqidagi to‘liq va aniq ma’lumotlar shakllantiriladi va ro‘yxatga olinishlar oralig‘ida shu ko‘rsatkichlarning rivojlanish dinamikasi aniqlanadi;
- Olingan ma’lumotlarga asoslanib mamlakatimizning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari shakllantiriladi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning istiqbolli dasturlari,ma’lum bir hududlarni rivojlantirishning qisqa,o’rta va uzoq muddatga mo‘ljallangan reja-dasturlari ishlab chiqiladi;
- Aholining bandligini ta’minlash,xususan yangi ish o‘rinlarini yaratish,mehnat resurslarini samarali joylashtirish, xalq salomatligi,ayniqsa onalar va bolalar salomatligini yaxshilashga qaratilgan manzilli dasturlarni ishlab chiqishning imkoni yaratiladi;
- Aholini ro‘yxatga olish natijasida to‘plangan ma’lumotlar asosida xalqaro standartlar talabiga mos ravishda ma’lumotlar bazasi yaratiladi va o‘z navbatida ushbu ma’lumotlardan ilmiy izlanishlar olib borishda keng Nihoyat eng muhimi olingan ma’lumotlar orqali O‘zbekistonning xalqaro reytingini oshirishga erishiladi.
Xalqaro tavsiyalarga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish kamida 10 yilda bir marotaba o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan va ushbu jarayon aholini ro‘yxatga olishning muntazamligi,tadbirni markazlashgan holda,aniq dastur asosida va aniq bir muddatda o‘tkazilishi ( mamlakatimizda 2022 yilning noyabr oyida), aholini ro‘yxatga olishning maxsus tayyorlangan mutaxassislar – hisobchilar tomonidan o‘tkazilishi, tadbirda aholining to‘liq qamrab olinishi, ma’lumotlarning maxfiyligi va shaxsiylashtirilishi kabi muhim tamoyillarga asoslanadi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda bu tadbir birinchi marotaba amalga oshirilyapti. Shu boisdan uch bosqichda (1-bosqichda tashkiliy-tayyorgarlik ishlari amalga oshiriladi, 2-bosqichda bevosita aholini ro‘yxatga olish o‘tkaziladi, 3-bosqichda olingan ma’lumotlar umumlashtiriladi va jamlanib,yaxlit ma’lumotlar bazasi yaratiladi) o‘tkazilishi belgilangan mazkur tadbirga barcha davlat va jamoat tashkilotlarining faol jalb qilinishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi aholini ro‘yxatga olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi qilib belgilangan. Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ishlarini tashkil qilish va muvofiqlashtirish maqsadida 2020 yilning avgust oyidan e’tiboran Statistika qo‘mitasi tarkibidagi barcha hududiy boshqarmalarda “Ro‘yxatga olish jarayonini tashkil etish va o‘tkazish” bo‘limlari tuzildi. Ayni kungacha viloyat statistika boshqarmasida tashkil qilingan mazkur bo‘lim mutaxassislari tomonidan aholini ro‘yxatga olishning birinchi bosqichi doirasida ishlar olib borilmoqda. Xususan, shu kungacha viloyatimizning Urganch shahri, Hazorasp, Qo‘shko‘pir va Urganch tumanlarida aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlari,hududlarda tanlanma kuzatuvlar,ommaviy-axborot vositalari orqali mavzuga doir chiqishlar amalga oshirilmoqda, aholi gavjum bo‘lgan joylarda (moliya muassasalari va bozorlarda) o‘rnatilgan monitorlar orqali tadbirning butun mohiyatini yorituvchi roliklar namoyishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Shuningdek, Xorazm viloyati “Er resurslari va davlat kadastri ” boshqarmasi bilan hamkorlikda shahar va tumanlardagi statistika bo‘limlarini jalb qilgan holda aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan miqdorda aholi yashash punktlarining kartografik chizma materiallarini (shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik rejasi, ma’muriy tumanlar xaritasi) tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Tanlanma kuzatuvlari davomida ma’lum bir aholi punktida yashovchilar soni ko‘rsatilgan holda xonadon va uylar ro‘yxati shakllantirilmoqda. Ko‘chalarning to‘liq nomlangani, mavjud uy va xonadonlarning to‘liq raqamlanganligi va raqam belgilarining o‘rnatilganligi kuzatilib,natijalari asosida maxsus qaydlar yuritilmoqda. Shu kungacha Urganch shahridagi №29-son “Baynalminalchi”, №20-son “Obihayot”, №8-son “Gulshan” mahalla fuqarolar yig‘inlarida, Urganch tumanidagi “Miroblar” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli “Yormish-yop” aholi yashash punktida,”Jayhun” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli “Amudaryo” aholi yashash punktida va ”Uyshin” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli “Uyg‘ur” aholi punktlarida ana shunday tanlanma kuzatuvlar o‘tkazildi. Aytish lozimki, shu hududlardagi bir qancha uylarning belgilangan tartibda raqamlanmaganiga yoki noto‘g‘ri raqamlanganligiga guvoh bo‘ldik. Bu kabi muammolar ish jarayonida uchrashi tabiiy. Ishimizning asosiy maqsadi ham aslida shu –mavjud kamchilik va xatoliklarni vaqtida aniqlash va bartaraf qilish , shu orqali 2022 yilga belgilangan katta ijtimoiy ahamiyatga ega tadbirni yuqori saviyada, aholini to‘liq qamrab olgan holda tashkil etish va o‘tkazishga erishishdir.