10.12.2023
Assalomu alaykum hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha xodimlari!
Muhtaram faxriylar!
Mehnat mavsumi oxirlab, sohadagi ishlar sarhisob qilinayotgan mana shu qutlug' damlarda siz, azizlarni, sizlar orqali butun Tuproqqal'a tumani xalqini bugungi kasb bayramingiz – Qishloq xo'jaligi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu shukuhli ayyomda, avvalo, halol peshona teri, fidokorona mehnati bilan yerdan noz-ne'mat undirib, hayotimizga qut-baraka, fayzu quvonch olib kiradigan mirishkor dehqonlarimiz, barcha soha xodimlariga eng ezgu tilaklarimni bildiraman.
Biz sizlarning timsolingizda har qanday murakkab sharoitda ham o'z kasbi va burchiga sodiq qolib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan zahmatkash, mard va olijanob insonlarni ko'ramiz.
Dunyodagi eng qadimiy va olijanob kasb egalari hisoblangan, el-yurt dasturxonini to'kin va farovon etadigan g'oyat muhim sohaning zalvorli yukini o'z yelkasida ko'tarib kelayotgan sizlar kabi minglab aholimizning fidoyi mehnati va jasorati har qanday yuksak e'tirofga munosibdir.
Bugungi kunda tumanda jami 238 ta fermer xo'jaliklari mavjud bo'lib, shundan chorva yo'nalishida 34 ta, parranda yo'nalishida 8 ta, bog'dorchilik yo'nalishida 54 ta, baliqchilik yo'nalishida 41 ta, paxta-g'alla yo'nalishida 88 ta va boshqa yo'nalishda fermer xo'jaliklari faoliyat olib bormoqdalar.
Joriy yilda tumanda 12 ming 750 tonnaga yaqin g'alla, 11 ming 509 tonnadan ziyod paxta, 19 tonna pilla yetishtirilib, yil yakuniga qadar 25 ming tonna meva-sabzavot, 3,5 ming tonna go'sht va 28 ming tonnadan ziyod sut mahsulotlari yetishtirilishi kutilayotgani avvalo sizlarning mashaqqatli, halol mehnatingiz samarasidir.
Fursatdan foydalanib, boy bilim va tajribasi, namoyon etib, ilm-fan yutuqlarini samarali qo'llash hisobidan yuksak xirmon yaratgan barcha dehqon va fermerlarimizga o'z nomimdan, Tuproqqal'a xalqi nomidan chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Aziz do'stlar!
Joriy yilning o'tgan davrida tuman bo'yicha 7 foiz atrofida, ya'ni jami 65 foiz fermer xo'jaliklari ko'p tarmoqli xo'jaliklarga aylantirildi. Buning natijasida qariyb 708 nafar aholi qo'shimcha ish bilan ta'minlandi.
Muhtaram dehqon va fermerlar, aziz suvchilar va paxta-to'qimachilik klasteri xodimlari xamda xasharchilar!
Sizlarni yana bir bor Qishloq xo'jaligi xodimlari kuni bilan – mehnat va hosil bayrami bilan chin dildan tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, mas'uliyatli va sharafli mehnat faoliyatingizda ulkan zafarlar, xonadonlaringizga qut-baraka va xotirjamlik hamisha yor bo'lishini tilayman.