18.04.2023
Aholi bandligini ta’minlash yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar rejasiga asosan tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan tuman hokimligi va tuman prokuraturasi bilan hamkorlikda Navbahor mahallasida joylashgan kasb-hunar maktabida “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi” tashkil qilindi.
“Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi”da tuman hududida ish faoliyati yuritayotgan 61 ta korxona, tashkilot, muassasalar va tadbirkorlik subyektlari o‘zlarida mavjud 267 ta bo‘sh ish o‘rinlari, vakant lavozimlarini, ish izlovchilarga taklif qildilar.
Mehnat bozori tahlillariga asosan, bugungi kunda ishga muhtoj, ish bilan band bo‘lmagan 2434 nafar, jumladan, 1382 nafar ayollar, 1231 nafar yoshlar tarkibidan, shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar va ularning ishsiz oila a’zolari, ta’lim muassasalari bitiruvchilaridan mehnat yarmarkasiga jami 71 nafar fuqarolar, jumladan, 43 nafar yoshlar, 37 nafar ayollar, 21 nafar ta’lim muassasalari bitiruvchilari jalb qilinib, mehnat yarmarkasi jarayonida 10 nafar (4 nafar yoshlar) fuqarolarga maqbul ish o‘rinlariga ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berilib, 2 nafari yarmarkaning o'zida Urganch qurulish kollejining qran mashinist yo'nalishi bo'yicha yo'llanma asosida kasb-hunarga yo'naltirilgan bo'lsa, 16 nafar ishsiz ayollar tikuvchilik yo'nalishida o'qish istagini bildirganligi uchun tumandagi kasb-hunarga o'qitish markaziga shu yo'nalishda o'qishlari uchun ro'yxatga olindi.
Mutaxassisligiga ega bo'lmagan 7 nafar ishsiz fuqarolar haq to'lanadigan jamoat ishlarida ishlash istakini bildirganlari uchun joriy yilning may oyidan haq to'lanadigan jamoat ishlariga yo'naltirish maqsadida ro'yxatlari shakllantirildi.
Mehnat yarmarkasi jarayonida xorijiy davlatlarda ishlash istagini bildirgan fuqarolarga tashqi mehnat migratsiyasi sohasida olib borilayotgan ishlar, Rossiya Federatsiyasi ish beruvchilari talabnomasi bo‘yicha tanlov shartlari asosida fuqarolarni tashkiliy ravishda ishga joylashtirish, ularni Urganch shahridagi qurilish sohasida malakali kadrlar tayyorlash o‘quv markaziga kasb-hunar o‘rganishga jalb qilish yuzasidan tushuntirishlar berilib, mehnat qonunchiligini targ‘ib qiluvchi buklet, qo‘llanma va eslatmalar tarqatildi.